TOSHKENT DAVLAT AGRAR UNIVERSTITETI TERMIZ FILIALI

OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI PREZIDENTINING QАRORI

15 May 2019
Ko`rildi: 0

OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI PREZIDENTINING
QАRORI


OLIY TАЪLIM TIZIMINI YaNАDА RIVOJLАNTIRISh ChORА-TАDBIRLАRI TOʼGʼRISIDА
Taʼkidlash joizki, 2011 — 2016 yillarda Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida 25 ta oliy taʼlim muassasasining 202 ta obʼektida yangi qurilish, kapital taʼmirlash va rekonstruktsiya ishlari bajarildi.
Iqtisodiyotning real sektori talablaridan kelib chiqib, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yoʼnalishlari va ixtisosliklari boʼyicha oʼqishga qabul qilish, uning umumiy soniga nisbatan 23 foizdan 33,2 foizga oshdi. Oliy taʼlim sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʼyicha yangilangan davlat oliy taʼlim standartlari va oʼquv dasturlari joriy qilindi.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 8 oktyabrdagi F-4724-son farmoyishi bilan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan oliy taʼlim tizimidagi holatni oʼrganish natijalariga koʼra, bir qator oliy taʼlim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, taʼlim jarayonlarini axborot-uslubiy va oʼquv adabiyotlari bilan taʼminlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
Oliy taʼlim tizimida oʼz yoʼnalishlari boʼyicha dunyoning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʼrnatish, oʼquv jarayoniga ilgʼor xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʼtkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayapti.
Oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta koʼrish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oliy taʼlim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish boʼyicha eng muhim vazifalar etib quyidagilar belgilansin:
har bir oliy taʼlim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʼrnatish, oʼquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʼor pedagogik texnologiyalar, oʼquv dasturlari va oʼquv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish, oʼquv-pedagogik faoliyatga, master-klasslar oʼtkazishga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor taʼlim muassasalaridan yuqori malakali oʼqituvchilar va olimlarni faol jalb qilish, ularning bazasida tizimli asosda respublikamiz oliy taʼlim muassasalari magistrant, yosh oʼqituvchi va ilmiy xodimlarining stajirovka oʼtashlarini, professor-oʼqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish;
oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli parametrlarini shakllantirish, oliy taʼlim muassasalarida oʼqitish yoʼnalishlari va mutaxassisliklarini istiqbolda mintaqalar va iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks rivojlantirish, amalga oshirilayotgan hududiy va tarmoq dasturlarining talablarini inobatga olgan holda optimallashtirish;
taʼlim jarayonini, oliy taʼlimning oʼquv reja va dasturlarini yangi pedagogik texnologiyalar va oʼqitish usullarini keng joriy etish, magistratura ilmiy-taʼlim jarayonini sifat jihatidan yangilash va zamonaviy tashkiliy shakllarni joriy etish asosida yanada takomillashtirish;
yangi avlod oʼquv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʼquv, oʼquv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;
pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, xorijda pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkasini oʼtkazish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini PhD va magistratura dasturlari boʼyicha oʼqitish, oliy taʼlim muassasalari va qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari oʼquv jarayonlariga yuqori malakali xorijiy olimlar, oʼqituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish;
oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlimda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalari professor-oʼqituvchilarining ilmiy tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʼullanishga keng jalb etish;
oliy taʼlimning maʼnaviy-axloqiy mazmunini oshirish, talaba-yoshlarga mustaqillik gʼoyalariga, yuksak maʼnaviyat va insoniylikning milliy anʼanalariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot gʼoya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash boʼyicha keng koʼlamli maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini oʼquv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari, ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obʼektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlash, oliy taʼlim ilm-fanining ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha oʼquv-ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash orqali yanada mustahkamlash;
oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash, oliy taʼlim muassasalari talabalari, oʼqituvchilari va yosh tadqiqotchilarining jahon taʼlim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va maʼlumotlar bazalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish.
2. 2017 — 2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi oʼrinlarda — Dastur), uning tarkibida quyidagilar:
2017 — 2021 yillarda oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlari 1-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021 yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiyalash, ularni zamonaviy oʼquv-ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash kompleks chora-tadbirlari 2-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish moliyaviy xarajatlar hajmining hisoblangan parametrlari 3-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021 yillarda qurilish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy taʼlim muassasalari roʼyxati 4-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021 yillarda oʼquv va ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy taʼlim muassasalari roʼyxati 5-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021 yillarda oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirishning manzilli dasturlari 6 — 74-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish boʼyicha «Isteʼdod» fondining faoliyatini tubdan qayta koʼrib chiqish boʼyicha takliflarni, quyidagilarni inobatga olgan holda, tayyorlasin:
xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarida oliy taʼlim muassasalarining pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish, stajirovkasini oʼtkazish, bitiruvchilarning PhD va magistratura dasturlarida oʼqitishni tashkillashtirish boʼyicha amaliy chora-tadbirlarni;
yuqori malakali xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarni xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik mexanizm va shakllarini joriy etishning ustuvor yoʼnalishlarini inobatga olgan holda, Oliy taʼlim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari oʼquv jarayoniga keng jalb etish boʼyicha chora-tadbirlar dasturini;
«Isteʼdod» fondining moliyaviy resurslarini shakllantirish manbasi sifatida Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlarini jalb etishni.
4. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarni respublika oliy taʼlim muassasalari, Oliy taʼlim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari (keyingi oʼrinlarda — Tarmoq markazlari) oʼquv jarayonlariga jalb etishda:
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflari asosida xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarning mehnatiga haq toʼlash mehnat shartnomasida belgilangan miqdorda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi;
xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislar uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalarida bir yilda ikki martadan oshmagan holda) oliy taʼlim muassasalari, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada toʼlanadi;
xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarning bir oydan oshmagan muddatga tuzilgan qisqa muddatli mehnat shartnomalari boʼyicha respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari oliy taʼlim muassasasi, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada toʼlanadi, bundan uzoq muddatga tuziladigan mehnat shartnomalari boʼyicha xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarning uy-joy ijara xarajatlari tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq oylik maoshlarini toʼlashda amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarga Oʼzbekiston Respublikasida boʼlgan davrida kunlik safar xarajatlari 80 ming soʼm miqdorida milliy valyutada toʼlanadi;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentyabrdagi PF-5197-sonli Farmoni tahririda)
oliy taʼlim muassasalari, Tarmoq markazlari oʼquv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soliqlari toʼlashdan ozod etiladi;
oliy taʼlim muassasalari, Tarmoq markazlari oʼquv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari yagona ijtimoiy toʼlovlardan ozod etiladi;
xorijiy olim, oʼqituvchi va mutaxassislarni jalb etish va ularning moddiy taʼminoti boʼyicha xarajatlarni moliyalashtirish manbasi sifatida oliy taʼlim muassasalari va Tarmoq markazlariga oʼrnatilgan tartibda ajratiladigan byudjet mablagʼlari, oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʼlari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
5. Taʼlim va oʼqitish sifati ustidan samarali davlat nazoratini oʼrnatish maqsadida Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va taʼlim muassasalarini attestatsiya qilish boshqarmasi negizida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib:
taʼlim tizimida oʼquv-tarbiya jarayonlari, professor-oʼqituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish boʼyicha davlat siyosatini amalga oshirish;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, taʼlim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʼtkazish.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Taʼlim sifatini nazorat qilish boʼyicha davlat inspektsiyasi faoliyatini tashkil qilish boʼyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining manfaatdor davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Namangan muhandislik-pedagogika institutini Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirish va uning ixtisoslashuvini oʼzgartirish;
Termiz shahrida Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti filiallarini tashkil qilish.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mazkur taʼlim muassasalarida oʼquv-tarbiya jarayonini toʼliq tashkil qilish, professor-oʼqituvchilar tarkibini butlash, zarur moddiy-texnika va oʼquv-laboratoriya bazasini shakllantirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
7. 2017 — 2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash boʼyicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun 75-sonli ilovadagi* tarkibga muvofiq Komissiya tashkil qilinsin.
* 1 — 75-ilovalar berilmaydi.
Komissiya (А. N. Аripov):
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning takliflari boʼyicha har yili, moliyaviy xarajatlarning umumiy tasdiqlangan parametrlari doirasida, oliy taʼlim muassasalarining oʼquv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obʼektlarini ularning texnik holatini, shuningdek, har bir oliy taʼlim muassasasining moddiy-texnika taʼminotini inobatga olgan holda qurish, rekonstruktsiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash manzilli roʼyxatlarini tasdiqlasin;
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning asoslangan takliflari boʼyicha moliyaviy yil uchun belgilangan kapital qoʼyilmalar doirasida tasdiqlangan manzilli roʼyxatlar parametrlariga oʼzgartirishlar kiritib borsin;
Dasturning amalga oshirilib borishi boʼyicha tizimli monitoring oʼrnatsin va uning bajarilish natijalarini Vazirlar Mahkamasining yarim yil va yil yakunlari boʼyicha oʼtkaziladigan yigʼilishlari muhokamasiga kiritib borsin.
8. Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʼyicha davlat qoʼmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish boʼyicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.
9. Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
oʼquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obʼektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʼyicha — Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Navoiy konchilik instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari hamda Toshkent temir yoʼl muhandislari institutining oʼquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obʼektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʼyicha — idoraviy mansubligi boʼyicha tegishli tashkilotlarning oʼz mablagʼlari.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 iyundagi PF-5083-sonli Farmoni tahririda — OʼR QHT, 2017 y., 24-son, 490-modda)
10. Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2018 yil va keyingi yillar uchun Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirishda, Komissiya qarori asosida, oliy taʼlim muassasalarida qurilish, rekonstruktsiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlari uchun zarur mablagʼlarni Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʼarmasi resurslaridan ajratilishini nazarda tutsin.
11. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 2017 — 2021 yillar mobaynida xoʼjalik yurituvchi subʼektlar tomonidan yoʼnaltirilgan xayriya mablagʼlari foyda soligʼini hisoblashda va yagona soliq toʼlovini toʼlashda soliqqa tortish bazasidan chiqariladi.
12. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʼmitasi va Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining oliy taʼlim muassasalari oʼquv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi obʼektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlashni loyihalashtirishda qoʼllaniladigan yagona texnik topshiriq va talablar kontseptsiyasini ishlab chiqish boʼyicha bosh loyihachi tashkilot sifatida «Tashgiprogor» aktsiyadorlik jamiyatini belgilash toʼgʼrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
13. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga oliy taʼlim muassasalarida qurilish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlash boʼyicha ishlarni tashkil etishda, jumladan, zarur hollarda, ularga yer maydonlarini ajratish toʼgʼrisida qaror qabul qilishda va tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishda koʼmaklashsin;
oliy taʼlim muassasalarining tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishida optimal texnik sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.
Oliy taʼlim muassasalari ixtiyoridagi yer maydonlarini tasarruf etish Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishi belgilansin.
14. Quyidagilar 2022 yilning 1 yanvarigacha:
2017 — 2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 21 maydagi PQ-1533-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011 — 2016 yillarda Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturi doirasida olib kiriladigan zamonaviy oʼquv-laboratoriya, ilmiy-laboratoriya va kompьyuter uskunalari, sarflanadigan laboratoriya materiallari (butlovchi materiallar, reaktivlar, kimyoviy idish, biologik materiallar va obʼektlar), dasturiy mahsulotlar, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʼyxat boʼyicha xorijiy oʼquv va ilmiy-metodik adabiyotlar bojxona toʼlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʼimlari bundan mustasno);
taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xoʼjalik yurituvchi subʼektlar bilan tuzilgan shartnomalar boʼyicha bajariladigan amaliy, innovatsion ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari boʼyicha yuridik shaxslarning daromad soligʼi, yagona soliq toʼlovi, qoʼshimcha qiymat soligʼi va davlatning maqsadli jamgʼarmalariga majburiy toʼlovlardan (yagona ijtimoiy toʼlovdan tashqari) ozod etilsin.
15. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʼmitasi:
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy taʼlim sohasida zamonaviy standartlar talablaridan kelib chiqib, mavjud maydonlardan optimal foydalanish, zamonaviy resurs va energiya tejamkor texnologiyalarni qoʼllash, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va butlovchi qismlardan ustuvor foydalanishni nazarda tutgan holda oliy taʼlim muassasalari boʼyicha shaharsozlik qurilish meʼyorlari va qoidalarini tanqidiy qayta koʼrib chiqsin;
ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlari, berilayotgan ekspert xulosalari va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan doimiy va tizimli nazoratni taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А. N. Аripov va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi А. N. Yunusxodjaev zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qaror «Xalq soʼzi» gazetasining 2017 yil 21 apreldagi 79 (6773)-sonida eʼlon qilingan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoEV
Toshkent sh.,
2017 yil 20 aprelь,
PQ-2909-son
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qaroriga
ShАRH
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, kadrlar tayyorlashning maʼno-mazmunini tubdan qayta koʼrib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan.

Mustaqillik yillarida iqtisodiyotning, ijtimoiy hayotning real talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, unga oʼqitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar tayyorlash boʼyicha ixtisoslik yoʼnalishlarini takomillashtirish borasida katta ishlar qilindi.

Shu bilan birga, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 8 oktyabrdagi farmoyishi asosida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan oliy taʼlim tizimidagi mavjud holatni oʼrganish natijalari shuni koʼrsatmoqdaki, qator oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-pedagogik salohiyat hanuz past darajada qolmoqda, taʼlim jarayonining oʼquv-metodik va axborot taʼminoti zamonaviy talablarga mos emas, moddiy-texnika bazasi tizimli ravishda yangilanishga muhtoj. Oliy taʼlim tizimida oʼquv jarayoniga ilgʼor xalqaro tajribani keng joriy etish, yetakchi xorijiy turdosh ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish orqali pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ishlar talab darajasida olib borilmayapti.

Qabul qilingan qarorga koʼra, quyidagilar oliy taʼlim tizimini kelgusida kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari etib belgilandi:

har bir oliy taʼlim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-taʼlim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yoʼlga qoʼyish, oʼquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, taʼlim dasturlari va oʼquv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el oʼqituvchilari va olimlarini jalb etish;

oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy taʼlim muassasalaridagi ixtisoslik yoʼnalishlari va mutaxassisliklarni hududlar va sohalar boʼyicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish istiqbollarini inobatga olgan holda optimallashtirish;

yangi avlod oʼquv qoʼllanmalarini yaratish va oliy taʼlim tizimiga keng tatbiq etish, oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʼquv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlash, jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlarni sotib olish va tarjima qilish negizida axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;

pedagog kadrlarning kasb malakasi va mahoratini sifat jihatidan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan oʼtishini yoʼlga qoʼyish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida oʼqitish;

oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-oʼqituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʼullanishga jalb etish;

oliy taʼlimning maʼnaviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, talaba-yoshlarning qalbi va ongiga milliy istiqlol gʼoyasini, xalqimizning yuksak maʼnaviyati va insonparvarlik anʼanalariga sadoqat tuygʼusini chuqur singdirish, biz uchun mutlaqo yot va begona boʼlgan gʼoyalarga nisbatan ularda mustahkam immunitet va tanqidiy munosabatni shakllantirish;

oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini ularning oʼquv va ilmiy-laboratoriya binolarini, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruktsiya qilish orqali yanada mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan sohalarining ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha oʼquv-ilmiy laboratoriyalar bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash;

oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlash, talabalar, oʼqituvchi va yosh tadqiqotchilarning jahondagi ilgʼor taʼlim resurslari, ilmiy adabiyotlar va maʼlumotlar bazasi boʼyicha elektron kataloglarga kirish imkoniyatini kengaytirish.

Qarorda belgilangan vazifalarning samarali yechimini toʼliq taʼminlash maqsadida oliy taʼlim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy oʼquv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash maqsadida Oliy taʼlim tizimini 2017 — 2021 yillarga moʼljallangan kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Dasturga muvofiq, 2017 — 2021 yillarda 48 ta oliy taʼlim muassasasida jami 180 ta oʼquv, ilmiy-laboratoriya binosi, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalari obʼektlarida qurilish, rekonstruktsiya va kapital taʼmirlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, 53 ta oliy taʼlim muassasasida 400 ta oʼquv laboratoriyasi bosqichma-bosqich eng zamonaviy oʼquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi, 7 ta oliy taʼlim muassasasida barcha oliy taʼlim muassasalari oʼzaro hamkorlikda foydalanadigan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi.

Qarorning muhim ahamiyatini koʼrsatadigan yana bir jihat shundan iboratki, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan har bir oliy taʼlim muassasasi boʼyicha quyidagi konkret parametr va koʼrsatkichlarni oʼz ichiga olgan manzilli rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi:

oliy taʼlim tizimida yangi taʼlim ixtisoslik yoʼnalishlari va mutaxassisliklarning, shuningdek, iqtisodiyot sohalari va hududlarni kompleks rivojlantirishning joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va bakalavriat va magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy koʼrsatkichlarini 2021 yilgacha bosqichma-bosqich ravishda 18 foizgacha oshirishni nazarda tutadigan 2017 — 2021 yillarga moʼljallangan parametr va koʼrsatkichlari;

oʼquv binolari, talabalar turarjoylari, axborot-resurs markazlari va boshqa obʼektlarni qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlash hisobidan yangi oʼquv oʼrinlarini tashkil etish, yangi oʼquv-laboratoriya komplekslarini sotib olish, auditoriyalarni kompьyuter texnikasi bilan jihozlash;

professor-oʼqituvchilarning kasb mahoratini, pedagog xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, ularning xorijiy hamkor oliy oʼquv yurtlarida malaka oshirishi, magistratura, doktoranturada taʼlim olishi hamda respublikamizning tayanch oliy oʼquv yurtlari qoshida qayta tayyorgarlikdan oʼtishi va malaka oshirishi.

Mazkur dasturda, asosan, mamlakatimizning har bir oliy taʼlim muassasasi bilan АQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va shu kabi boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarining oʼrnatilgani oʼta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda har yili 350 nafardan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimlarning mamlakatimiz oliy oʼquv yurtlariga oʼquv jarayoniga jalb etilishi koʼzda tutilmoqda.

Аmaliyot shuni koʼrsatmoqdaki, oliy taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining mehnatiga haq toʼlash boʼyicha amaldagi tizimni jiddiy takomillashtirish va bu borada moddiy ragʼbatlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga ehtiyoj sezilmoqda. Shu munosabat bilan Oʼzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligiga uch oy muddatda ilgʼor xalqaro tajribadan kelib chiqib, oliy oʼquv yurtlari pedagog xodimlariga ularning kasb mahorati, faoliyatidagi yuqori natijadorlik va tarbiyaviy sohadagi samarali ishtirokini inobatga olib, ustama haq toʼlashni belgilash tizimi boʼyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi topshirildi.

Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda iqtidorli yosh pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Isteʼdod» jamgʼarmasi faoliyatini tubdan qayta koʼrib chiqish, xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarida ilmiy-pedagog xodimlarning malaka oshirishi va qayta tayyorgarlikdan oʼtishini, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining PhD dasturi va ularning magistraturada oʼqishini tashkil etish boʼyicha chora-tadbirlar koʼzda tutilgan takliflar kiritish topshirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida korxonalarning buyurtmasiga asosan, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatini amalga oshiradigan taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari yuridik shaxslardan olinadigan daromad soligʼidan, yagona soliq toʼlovidan, maqsadli davlat jamgʼarmalariga majburiy toʼlov va qoʼshimcha qiymat soligʼidan ozod qilindi.

Taʼlim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini oʼrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish boʼyicha davlat inspektsiyasi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi — taʼlim-tarbiya jarayoni, professor-oʼqituvchilar tarkibi, taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati hamda mulkchilik shakli va idoraviy boʼysunishidan qatʼi nazar, taʼlim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʼtkazish, taʼlim-tarbiya sifatini nazorat qilish boʼyicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat.

Oliy taʼlim tizimini 2017 — 2021 yillarga moʼljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yoʼnaltiriladigan moliyaviy mablagʼlar 1,7 trillion soʼmdan ziyod boʼlib, ulardan 1,2 trillion soʼmi oʼquv-laboratoriya binolari, sport zallari va talabalar turarjoylarini rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlashga, 500 milliard soʼmdan ortiq mablagʼ esa oʼquv-laboratoriya uskunalari, mebelь va inventarь bilan taʼminlash, umumiy tartibda foydalanishga moʼljallangan, barcha taʼlim muassasalariga xizmat koʼrsatadigan laboratoriya komplekslarini tashkil etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, mamlakatimizning izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, barcha hududlar va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy taʼlim tizimi ishtirokini kengaytirish yoʼlidagi yana bir muhim amaliy qadamdir.


(Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʼplami, 2017 y., 18-son, 313-modda, 19-son, 335-modda, 24-son, 490-modda, 37-son, 982-modda)